Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Davlat va xo’jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslar bilan o’zaro hamkorligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida

(O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2007 y., 33-34-son, 348-modda; 2009 y., 34-son, 374-modda; 2010 y., 13-son, 96-modda, 22-son, 175-modda, 23-son, 182-modda; 2012 y., 5-son, 47-modda, 44-son, 507-modda; 2013 y., 2-son, 23-modda, 23-son, 302-modda, 37-son, 485-modda; 2014 y., 31-son, 380-modda)

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida» 2005 yil 8 iyuldagi PQ-117-son qarorini bajarish yuzasidan, davlat va xo’jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, ularning axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish vositasida jismoniy va yuridik shaxslar bilan tezkor o’zaro hamkorligini ta’minlash, shuningdek davlat va xo’jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ko’rsatiladigan xizmatlardan keng foydalanilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Quyidagilar:

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv davlat xizmatlari to’g’risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;

Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari reestri 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Interaktiv davlat xizmatlari reestrini yuritish O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasiga yuklansin.

(2-band O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi 378-sonli qarori tahririda — O’R QHT, 2013 y., 2-son, 23-modda)

3. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

uch oy muddatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatilishini ta’minlash tadbirlari rejalarini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;

interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish va ko’rsatilayotgan ana shunday xizmatlarni kengaytirish, yuridik va jismoniy shaxslarning interaktiv davlat xizmatlaridan sifatli foydalanishini ta’minlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo’llash yo’li bilan davlat va xo’jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ko’rsinlar;

O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasiga ko’rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari bo’yicha axborot, shuningdek mo’ljallanayotgan interaktiv davlat xizmatlari bo’yicha takliflarni ularni keyinchalik Interaktiv davlat xizmatlari reestriga kiritish uchun taqdim etsinlar.

(3-bandning to’rtinchi xatboshisi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi 378-sonli qarori tahririda — O’R QHT, 2013 y., 2-son, 23-modda)

4. O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasi zaruriyatga ko’ra vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga Bazaviy interaktiv davlat xizmatlari reestriga o’zgartirishlar kiritishga doir umumlashtirilgan takliflar kiritsin.

(4-band O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi 378-sonli qarori tahririda — O’R QHT, 2013 y., 2-son, 23-modda)

5. Kompьyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi kengash (A.N. Aripov) o’z majlislarida davlat va xo’jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish, shu jumladan davlat va xo’jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining elektron hujjatlar aylanishi tizimlarini joriy etish va axborot tizimlarini integratsiyalash ishlarining ahvolini muntazam ravishda ko’rib chiqsin.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH. MIRZIYOEV

Toshkent sh.,

2007 yil 23 avgust,

181-son

Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 23 avgustdagi 181-son qaroriga 1-ILOVA

 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish to’g’risida

NIZOM

I.Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida» 2005 yil 8 iyuldagi PQ-117-son qaroriga va O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Axborotlashtirish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish to’g’risida» 2005 yil 22 noyabrdagi 256-son qaroriga muvofiq davlat va xo’jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati (keyingi o’rinlarda «idoralar» deb yuritiladi) tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda xizmatlar ko’rsatish tartibi va shartlarini belgilaydi.

2. Idoralar tomonidan idoralarning axborot tizimlari vositasida telekommunikatsiyalar tarmog’i orqali jismoniy va yuridik shaxslarga ko’rsatiladigan xizmatlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv davlat xizmati ko’rsatish hisoblanadi.

3. Idoralar tomonidan interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish uchun tegishli axborot resurslari tashkil etilishi zarur.

4. Idoralarning interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish uchun tashkil etiladigan axborot tizimlari yagona standartlar va talablar asosida o’zaro hamkorlik qilishi kerak.

5. Avtomatlashtirilgan axborot bo’yicha o’zaro hamkorlikni ta’minlash maqsadida idoralar tomonidan axborot ayirboshlash bo’yicha yagona davlat standartlari va talablari asosida axborot tizimlari tashkil etiladi.

II. Maqsadi va vazifalari

6. Interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish:

axborot ayirboshlash va tarqatish tezkorligi darajasining o’sishi hisobiga davlat funktsiyalarini bajarish samaradorligi va tezkorligini oshirishga;

so’rovlarni puxta ishlash hamda yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini ko’rib chiqish bo’yicha davlat funktsiyalari ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishga;

idoralarning yuridik va jismoniy shaxslar bilan o’zaro hamkorligi darajasini oshirishga;

idoralarning yuridik va jismoniy shaxslar hamda boshqa davlat organlari bilan o’zaro hamkorligiga sarflanadigan chiqimlarni qisqartirishga;

aholining davlat boshqaruvida yanada faol ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida idoralar faoliyatining ochiq-oshkoraligi darajasini oshirishga;

axborot ayirboshlashning yangi mexanizmlariga o’tishga yo’naltirilgan.

III. Interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish shart-sharoitlari

7. Interaktiv davlat xizmatlari umumiy foydalaniladigan, foydalanish qulay hamda barcha qatlamlar va guruhlar foydalanuvchilarining ustuvorliklari va ehtiyojlariga muvofiq bo’lishi kerak. Interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanish eng yuqori darajada tez va qulay usulda ta’minlanishi kerak.

8. Interaktiv davlat xizmatlaridan kafolatli va xavfsiz foydalanish idoralar tomonidan ta’minlanishi kerak.

9. Interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish jarayonida taqdim etiladigan axborot dolzarb, ishonchli hamda ruxsatsiz foydalanish, yo’q qilish, buzish, blokirovka qilishdan himoyalangan va qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bo’lishi kerak.

10. Idoralarning interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish jarayonida foydalaniladigan axborot tizimlari qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bo’lishi kerak.

IV. Interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish tartibi va ulardan foydalanishni ta’minlash

11. Interaktiv davlat xizmatlari:

umumiy foydalaniladigan axborotni e’lon qilish (tarqatish) — tegishli axborot tizimlari, shu jumladan Internet orqali davlat axborot resurslaridan foydalanish bo’yicha xizmatlarni realizatsiya qilish;

bir tomonlama o’zaro hamkorlik — elektron shakldagi hujjatlarning har xil formulyarlaridan foydalanish imkoniyatini berish;

ikki tomonlama axborot ayirboshlash — so’rov bo’yicha qabul qilish, tahlil (ko’rib chiqish) va javob yuborishni o’z ichiga oladigan idora xizmatlari (buyurtmanomalar va murojaatlarni taqdim etish, ularni qayta ishlash natijalarini taqdim etish va/yoki berish);

elektron shakldagi ma’lumotlar to’liq ayirboshlanishini amalga oshirish, shu jumladan xizmatlar ko’rsatish va ularga haq to’lash shaklida ko’rsatilishi mumkin.

12. Interaktiv davlat xizmatlari foydalanuvchi tomonidan idora bilan o’zaro hamkorlik qilish doirasida yoki bir nechta idoralarning o’zaro hamkorligi asosida amalga oshiriladi va ko’rsatiladi.

13. Internetning umumiy foydalaniladigan tarmog’i vositasida ko’rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari faqat idoralarning rasmiy saytlari orqali, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Davlat hokimiyati portali orqali ko’rsatiladi.

14. Qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy interaktiv davlat xizmatlari majburiy hisoblanadi va idoralar tomonidan bepul ko’rsatiladi, ko’rsatilganligi (rasmiylashtirilganligi) uchun qonun hujjatlariga muvofiq yig’imlar, bojlar va boshqalar shaklida to’lov nazarda tutilgan xizmatlar bundan mustasno.

15. Qo’shimcha interaktiv davlat xizmatlari idoralar tomonidan mustaqil belgilanadi va pulli asosda ko’rsatilishi mumkin.

16. Qo’shimcha interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatilishidan olingan mablag’lar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Byudjet tashkilotlarini mablag’ bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish to’g’risida» 1999 yil 3 sentyabrdagi 414-son qaroriga muvofiq davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan sarflanadi.

17. Interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish tartibi, shartlari va muddatlari har bir idora tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi.

Reglamentda quyidagi asosiy qoidalar mavjud bo’lishi kerak:

ko’rsatilayotgan xizmatlarning tarkibi hamda mazmuni aniq va yorqin ifodalangan bo’lishi;

xizmatlar ko’rsatish turi/shakli va usuli, kutilayotgan aniq natija;

xizmatlar ko’rsatish muddati;

zaruriyat bo’lganda, xizmatlar ko’rsatish qiymati;

idora yoki mansabdor shaxsning xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari.

Idoralar tomonidan qonun hujjatlariga zid bo’lmagan boshqa qoidalar belgilanishi mumkin.

V. Interaktiv davlat xizmatlari reestrini yuritish

18. Interaktiv davlat xizmatlari reestrini yuritish:

interaktiv davlat xizmatlaridan foydalanishda foydalanuvchilarga qulaylik yaratish;

interaktiv davlat xizmatlarini oqilona rivojlantirish;

elektron hujjatlar aylanishi tizimlarining o’zaro aloqasini ta’minlash;

yangi interaktiv davlat xizmatlarini joriy etish va rivojlantirish maqsadida amalga oshiriladi.

19. Interaktiv davlat xizmatlari reestrini yuritish O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasi tomonidan amalga oshiriladi.

(19-band O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi 378-sonli qarori tahririda — O’R QHT, 2013 y., 2-son, 23-modda)

20. O’zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo’mitasi interaktiv davlat xizmatlari reestrining shakllantirilishi, foydalanilishi, o’z vaqtida qo’llab-quvvatlanishi va yangilanishini ta’minlaydi.

(20-band O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi 378-sonli qarori tahririda — O’R QHT, 2013 y., 2-son, 23-modda)

VI. Axborot resurslari tashkil etish va interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish bilan bog’liq tadbirlarni moliyalashtirish

21. Axborot resurslari tashkil etish va interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatish bilan bog’liq xarajatlar davlat xizmatlari ko’rsatadigan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari uchun Davlat byudjetida nazarda tutilgan mablag’lar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech