Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 11 sentyabr kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Erni qabul qildi.

 

 

Uchrashuvda ikki qardosh davlatlar o‘rtasidagi aloqalarning so‘nggi yillarda jadal rivojlanishga yuz tutgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoev hamda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning say’-harakatlari va o‘zaro ishonchga asoslangan siyosatlari, davlatlarimiz rahbarlarining hamkorlikni rivojlantirish borasidagi qat’iyatlari bu borada asosiy omil ekani ta’kidlandi.

Mehmonlarga Namangan viloyatining iqtisodiy salohiyati hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Hozirda Namangan viloyatida 19 ta turk sarmoyali korxonaning faoliyat olib borayotgani, tekstil, qurilish hamda turizm sohalarida so‘nggi davrda hamkorlikning ortib borayotgani, biroq bu borada mavjud foydalanilmagan sheriklik salohiyatining katta ekaniga e’tibor qaratildi.

 

Viloyatda faoliyat olib borayotgan erkin iqtisodiy zonalar hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot olgan Mehmet Sureyya Er, Xayrullo Bozorovga “Siz hokim sifatida yana nimalarni va’da qilasiz?” deb yuzlandi. Viloyat hokimi, “Turk sarmoyadorlari Namanganda o‘zlarini uylaridagidek his qilishlari uchun viloyat hokimligi tomonidan barcha sharoitni yaratishga tayyormiz” deb javob berdi.

Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er, ikki davlat rahbari tomonidan belgilangan 5 milliard dollarlik o‘zaro savdo hajmi rejasida Namangan viloyatining ulushi eng ko‘p bo‘lishi uchun har jihatdan ko‘mak berishga, tibbiyot, ta’lim, investitsiyalar hamda sanoat sohalarida hamkorlik istagida bo‘lgan Turkiya kompaniyalarini Namanganga yo‘naltirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

 

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TIKA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatori Ali Ihsan CHag‘lar, viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy hayotini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar TIKA tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.

Uchrashuvda Namangan xalqaro aeroportiga Turkiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchishlarni yo‘lga qo‘yish, Turkiyaning “Ziraat” bankining Namangan filialini ochish kabi masalalar ham o‘rtaga tashlandi. Xayrullo Bozorov, “Futbolda ham hamkorlik qilishimiz kerak, bizda ham Turkiyadagi kabi futbol juda rivojlangan” deb qo‘shimcha qildi.

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech