Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech
Нашр этиш

8 oktyabr kuni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov AQSHning Michigan universiteti professorlaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.

Michigan universiteti urologiya fakulteti dekani o‘rinbosari, professor Hafiz Xalid, xirurgiya fakulteti yuz-jag‘ xirurgiyasi kafedrasi rahbari, dotsent Brend Vard, universitet qoshidagi C. S. Mott Children's Hospital dotsenti, pediatriya mutaxassisi Sheyn Kinones, hamda anesteziologiya kafedrasi dotsenti Alisher Dadabayevlardan iborat delegatsiya bilan bo‘lgan uchrashuvda Namangan viloyati hamda ushbu universitet o‘rtasida tibbiyot sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti SHavkat Mirziyoevning o‘tgan yili AQShga qilgan davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida har sohada hamkorlikni kuchaytirgani qayd etildi.

Mehmonlar, tibbiyot va farmatsevtika sohasida O‘zbekistonning eng rivojlangan viloyati bo‘lishga intilayotgan Namanganda bu sohada olib borilayotgan ishlar, xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar hamda Namangan shahrida sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi haqida ma’lumot oldilar.

Namangan viloyati tibbiyot boshqarmasi hamda Michigan universiteti o‘rtasida keng qamrovli hamda doimiy hamkorlik qilish borasida kelishuvga erishildi.

 

Uchrashuvda Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi raisi Ravshan Izomov, viloyat hokimi o‘rinbosari Paxridin Matkarimov hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov ishtirok etdilar.

Michigan universiteti vakillari bugun Namangan shahrida tashkil etilayotgan ilmiy-tibbiy anjumanda ishtirok etadilar hamda ma’ruza qiladilar. Ertaga AQShlik mutaxassislar ishtirokida tibbiy ko‘rik hamda jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech